Evropa Biznes Assambleyasi Evropa va sobiq Ittifoq hududlaridagi mamlakatlarda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish bo’yicha faoliyat olib boradigan xalqaro korporatsiyadir. Mazkur nodavlat tashkilotning asosiy vazifasi - mamlakatlar o’rtasida ta’lim, iqtisodiy, madaniy, ilmiy aloqalarni o’rnatishga yordam berish va ularni qo’llab-quvvatlashdir. O’zlarining faoliyati bilan jamiyat rivojlanishiga sezilarli hissa qo’shayotgan alohida olingan shaxs, oliy ta’lim muassasasi va kompaniyalarning ijobiy imidjini shakllantirish Evropa Biznes Assambleyasining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Evropa Biznes Assambleyasi katta obro’ga ega va bir qator xalqaro mukofotlarning ta’sischisi hisoblanadi.
Evropa Biznes Assambleyasining xalqaro mukofotlari bilan hozirgi zamon intellektual rivojlanishiga shaxsiy hissa qo’shgan va ko’zga ko’ringan siyosiy va ijtimoiy arboblar, biznes vakillari, fan, ta’lim va madaniyat vakillari mukofotlanadi.
Assambleya qo’mitasi tomonidan bizga yuborilgan hujjatdagi fikrlar: «Mazkur xalqaro mukofot bilan taqdirlash birinchi navbatda, Evropa oliy ta’lim muassasalarida tashkillashtirilgan o’quv jarayonining eng yaxshi namunalariga bas kela oladigan oliy o’quv ta’lim tizimi O’zbekistonda borligidan dalolat beradi.
Bu esa, birinchi navbatda, professor-o’qituvchilar tarkibi haqiqiy kasb egalari ekanligini, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ta’lim dasturlarining ishlab chiqilishi va joriy etilishi yuqori darajada ekanligini ko’rsatadi. Mazkur obro’li mukofotni qo’lga kiritish Toshkent Moliya institutiga bo’lgan Evropa jamoatchiligi qiziqishining oshishiga ko’mak beradi va institutingiz haqida ijobiy fikr shakllanishida muhim rol o’ynaydi.
Toshkent Moliya institutiga xalqaro mukofotni topshirish - o’zbek oliy ta’limi dunyo ta’lim tizimiga integratsiyalashganligidan dalolat beradi».
Asosiy maqsadimiz jahon standartlariga javob beradigan, yuksak saviyadagi iqtisodchilarni - mutaxassislarni tayyorlashdir. Bu ezgu ishimiz professor-o’qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, o’quv jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, jahon andozalariga javob beradigan o’quv adabiyotlari-darsliklar, o’quv va uslubiy qo’llanmalar yaratish orqali amalga oshadi.
Bunda shak-shubhasiz, ahil jamoamiz fidoyilik va faollik ko’rsatadi.