Toshkent moliya instituti Markaziy Osiyoda muhim tayanch oliygohlardan biri hisoblanib, 1991 yil tashkil topdi. Markaziy Osiyo ta’lim muassasalari orasida institutimiz moliya, bank ishi, soliq, sug’urta, qimmatli qog’ozlar, birja, loyihalarni moliyalashtirish, audit va buxgalteriya hisobi yo’nalishlari bo’yicha etakchi moliya institutlaridan biri deb tan olingan. Toshkent moliya instituti Toshkent Xalq xo’jaligi instituti, O’zbekiston Respublikasi Markaziy Banki va Moliya Vazirligining o’zaro hamkorligi asosida tashkil topgan.
Toshkent moliya instituti Markaziy Osiyoda moliya, bank ishi, soliq va sug’urta, qimmatli qog’ozlar bozori va birja ishi, loyihalarni moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va audit yo’nalishlari bo’yicha ilmiy kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash sohasida eng yirik oliy o’quv-yurti hisoblanadi.
Bugungi kunda institut tarkibida 7 ta fakultet 26 kafedra faoliyat ko’rsatmoqda. 12 ta ta’lim yo’nalishlari bo’yicha bakalavrlar, 26 ta mutaxassisliklar bo’yicha magistrlar tayyorlanmoqda.
Hozirgi kunda institutda 9000 dan ziyodroq talabalar tahsil olmoqdalar. Ularga 370 nafardan ortiq professor-o’qituvchilar, bir nafar akademik, 3 nafar O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arboblari, 46 nafar fan doktorlari, professorlar, 150 ga yaqin fan nomzodlari va dotsentlari samarali ta’lim bermoqdalar va bir vaqtning o’zida ular 41 ta dolzarb mavzular bo’yicha keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlarni olib bormoqdalar.
Siz O’zbekiston taraqqiyotiga o’z xissangizni qo’shishni, turli mamlakatlar bilan savdo-tijorat ishlarini o’rinli yo’lga qo’yib, chet el korxonalari bilan hamkorlik qilishni, xalqaro valyuta-kredit munosabatlari, investitsiya va qimmatli qog’ozlar bozorida faoliyat yuritib, mamlakatimiz valyuta bazasini mustahkamlashni, soliq va soliqqa tortish idoralarida, bojxonalarda, Davlat va hokimiyat boshqaruv organlarida, turli mulkchilik shaklidagi yuridik shaxslarda, aktsionerlik jamiyatlarida buxgalter, tahlilchi, auditor, menejer, sug’urta korxonalarida, bank va omonat, jamg’arma ishi hamda moliya bozori bo’yicha faoliyat yuritib, o’z daromadingizni oshirishni va mamlakat iqtisodini mustahkamlashni istaysizmi?
Unda bizning moliya institutimizda bilim olishni ixtiyor etsangiz, adashmaysiz.
Ushbu sayt Sizning institutimiz dunyosiga olib kirib, bizda ta’lim olish imkoniyatlari, mavjud yo’nalishlar va mutaxassisliklar, institut tarkibi va talabalar hayoti to’g’risida batafsil ma’lumot olishingizzga yordam beradi.
TMI tomonidan taqdim etiladigan shart-sharoitlarni esa bizga tezroq tashrif buyurish orqali bilib olishingiz mumkin bo’ladi.
Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan institutimiz eshiklari maqsad sari yangilikka intiluvchi, serg’ayrat, mustaqil va zakovatli yoshlar uchun har doim ochiq. Xush kelibsiz, deb qolaman.
Samimiyat bilan,
Rektor A.V.Vaxabov |