PROFESSOR ABDURAXMON SOTIVOLDIEV.
U kishi hech kimga o’xshamaydi. O’ziga xos, juda ham kuyunchak, serg’ayrat, o’z huzur-halovatidan kechib, boshqalarga ezgulik ulashuvchi bag’ri keng inson sifatida el nazariga tushgan – Abduraxmon Sotivoldiev 1929 yil 1 yanvarda Toshkent viloyati Qibray tumanining eng so’lim go’shalaridan biri Uymut qishlog’ida tavallud topgan.
1943 yili 7-sinfni bitirib 14 yoshidan boshlab “Pushkin” nomli kolxozda kolxozchi bo’lib “Shimoliy va Janubiy Toshkent kanallari” qurilishlarida qatnashadi. Padari buzrukvorlari Sultonov Sotvoldi 1946 yil 2 aprelida vafot etganlaridan so’ng 17 yoshli usmir o’sha yili Toshkent moliya texnikumiga o’qishga kirgan va ushbu texnikumning “Byudjet hisobi” ixtisosligini imtiyozli diplom bilan tugatadi. Shu barobarida 1947 yili Butunittifoq sirtqi kurs (VZUK)ni bitirib “Ikki yoqlama hisob tizimi bo’yicha hisobchi” degan shahodatnomani oladi.
1949 yili Leningrad moliya-iqtisod institutining pedagogika fakultetiga o’qishga kirib, uni 1953 yili “Texnikum o’qituvchisi” ixtisosligi bo’yicha imtiyozli diplom bilan bitirgan. 1953 yildan boshlab Abduraxmon Sotivoldievichning ilmiy-pedagogik faoliyati boshlanadi. 1953 – 1961 yillarda Toshkent uchet-kredit texnikumida o’qituvchi, shu davrning so’nggi uch yilida o’quv bo’limi mudiri bo’lib ishlaydi.
1962 yilda Toshkent xalq xo’jaligi institutining “Tahlil” kafedrasining aspiranti. 1966 yilda professor A.Ayrumov ilmiy rahbarligi ostida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi. 1965-1968 yillarda “Hisob-iqtisod fakulteti”da dekan muovini, 1969-1979 yillarda esa shu fakultetning dekani lavozimida faoliyat ko’rsatadi.
1979 yili Abduraxmon Sotivoldievich uchun og’ir yil bo’ldi. 1941 yil may oyida va 1957 yil iyul oyida Moskvada Butunittifoq qishloq xo’jaligi vistavkasida qatnashishga muvaffaq bo’lgan, ilg’or kolxozchi, volidalari Sultonova O’g’iljon 71 yoshlarida vafot etadi.
1980 yildan e’tiboran Abduraxmon aka Toshkent xalq xo’jaligi institutining “Buxgalteriya hisobi” kafedrasida dastlab dotsent, so’ngra 1992 yildan hozirgacha Toshkent moliya institutida “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasining professori lavozimida faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Ustozning bosib o’tgan hayot yo’li qo’yidagilarni mamnuniyat bilan e’tirof etishga asos bo’laoladi.
Birinchidan, u kishi eng mohir pedagog va tinimsiz izlanuvchi olim. Ustozning domlalik sohasidagi behalovat yo’li misoli jushqin daryodek bitta o’zanda, bir maromda, lekin tinimsiz oqib keldi. Uning bu ibratli hayot yo’li zamirida bo’lajak yosh mutaxassis qalbiga kasbiy bilimni zohirlashdek olijanob istak, ulkan insoniy, ustozlik burch yotdi.
Ha, taqdir unga ilk bor “Texnikum o’qituvchisi” ixtisosligi bo’yicha imtiyozli diplomni in’om etdi. Aynan shu diplom u kishining hayot yo’lini belgilab berdi. Mana 56 yildirki, ana shu o’ta mas’uliyatli, shuning barobarida o’ta sharafli yumushda eng mohir pedagog va eng salohiyatli olim darajasiga erishib yoshlarga tarbiya berib kelmoqda.
“Har sohaning mehnatini ko’p va xo’p qilgan odamgina shu sohaning ustozi bo’la oladi,” – deydi Abduraxmon aka. Ana shu o’gitlariga o’zlari ham amal qilib keldi. Ellik olti yillik ilmiy-pedagogik faoliyatlari davrida u kishi buxgalteriya hisobi fanidan 6 ta darslik, 2 ta monografiya, 30 dan ortiq o’quv qo’llanma va 150 dan ortiq ilmiy maqolalarni chop etdi.
Professor Sotvoldiev yangi avlod adabiyotlarini yaratishda ham o’ta faol. U kishining: “Qishloq xo’jaligida buxgalteriya hisobi” (T.: “Mehnat”, 1991, 29,5 b.t.); “Buxgalterskiy uchet v usloviyax rinochnoy ekonomiki Uzbekistana” (T.:1999,26,5 b.t.); “Zamonaviy buxgalteriya hisobi” (T. 2002, 25 b.t.); “Buxgalteriya hisobidagi asosiy yangiliklar” (T. “Mehnat”, 1992, 6 b.t.); “Milliy hisobning xalqaro standartlar terminlari lug’ati” (T., 2004, 3,2 b.t) kabi darslik va o’quv qo’llanmalari shular jumlasidandir. Hozirgi kunda Abduraxmon aka rus tilida “Finansoviy i upravlencheskiy uchet” nomli darslik va “Buxgalterning izohli lug’ati”ni tayyorlash ustida ishlamoqda.
Ustozimiz o’quv jarayonini olib borish bo’yicha ham ibratli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Uning barcha darslari (“Buxgalteriya hisobi nazariyasi”, “Moliyaviy hisob”, “Boshqaruv hisobi”) ochiq deb e’lon qilingan va ularni o’quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ta’lim-tarbiyaviy saviyada olib boradi. Bu borada Abduraxmon aka betakror iste’dod sohibi hisoblanadilar.
Ikkinchidan, eng mehribon va talabchan ustoz. Abduraxmon akaning qalbi mehr va ezgulik bilan yo’g’rilgan. Ustozning etib olgan manzili bo’lmaganidek, u ham shogirdlarining kelajagini doimo kuzatadi, qimmatli mehnatlarini hech ham kanda qilmaydi. Buyuk olim Isaak Nyuton shunday degan ekan: “Agar men Dekartdan uzoqroqni ko’rayotgan bo’lsam, sababi shuki, men Dekartday bir alpning elkasida turibman”. Ulkan maqsadlarni ko’zlayotgan shogirdlarga Abduraxmon Sotivoldievichdek ustozlar rahnamo ekan, ularning ezgu niyatlari, albatta, amalga oshishiga, hech shubha yo’q.
Professor A.Sotivoldiev rahbarligida uch nafar fan doktori, o’nlab fan nomzodlari va yuzlab fan magistrlari etishib chiqdi. Uning shogirdlari hozirgi vaqtda iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida yuqori lavozimlarda faoliyat ko’rsatib kelmoqdalar.
Buxgalteriya fani domlasi bo’lganlaridanmi ustoz har gal shogirdlariga: “Inson o’z-o’zi bilan hisoblashmoq, ilmu-amallarini sarhisob etmoqdan-da rag’bat topadi, quvvat oladi”,-deb bot-bot takrorlaydi. Sababi o’zlari ham bu amalni hech kanda qilmadilar. “Yaxshi kasb egasi hech qachon xor bo’lmaydi”,-deydi Abduraxmon Sotivoldievich.
Uchinchidan, u kishi hurmat va ehtirom sohibi. Albatta, el-yurt oldidagi xizmatlar hech qachon besamar ketmaydi. Shu ma’noda Abduraxmon Sotivoldievning munosib ishlari inobatga olinib, u 1959 yil 5 fevralda O’zbekiston SSR Oliy Sovetining Faxriy yorlig’i bilan taqdirlandi. 1992 yil 8 yanvarda unga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni berildi. 1999 yil 10 mayda “O’zbekiston Respublikasi oliy va ta’lim a’lochisi” ko’krak nishoni bilan mukofotlandi.
2002 yili 27 sentyabrda oliy ta’lim sohasida keng qamrovli fidokorona mehnati uchun unga “Ustoz” faxriy unvoni berildi.
To’rtinchidan, eng kamtarin va benazir inson. “Inson hech qachon Men demasligi kerak”,-deydi Abduraxmon aka. U kishi o’zini o’zgalardan ustun qo’ymay yashadi, lavozim va amal otiga minganlarida ham kibru-havoga berilmadi, aksincha, o’zini va o’zgalarni kamtarlikka da’vat etdi. Shu bois ham u kishi kamtarin va bag’ri keng inson sifatida institutimiz jamoasi o’rtasida, o’zi yashaydigan mahalla aholisi orasida katta hurmatga sazovor.
“Har qanday inson o’z qadriga nisbatan o’zini pastroq tutib yursa, odamlar uni yuqoriga ko’taradi, har kim o’z qadriga nisbatan o’zini yuqori qo’ysa, odamlar nazarida uning qadri pastlashadi”, – deydi Abduraxmon aka shogirdlariga.
Beshinchidan, u kishi eng baxtli oila sardori. Abduraxmon aka yoshlarning sevimli ustozi, oliy ta’lim a’lochisi bo’lishi barobarida katta oila boshlig’i hamdir. U kishi 1955 yilda usta Usmon qizi Mukambarxon bilan oila qurib 5 farzandli bo’lishdi.
Katta qizlari Sotivoldieva Ranoxon Toshviloyatgazda bosh iqtisodchi, Donoxon TDIUda katta o’qituvchi, Dildoraxon ham shu universitetda kafedra dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi, Go’zalxon-Toshviloyatgazda etakchi buxgalter va O’g’iloy Yunusobod soliq inspektsiyasida etakchi mutaxassis.
Domla bugungi kunda 16 nafar nevaralari, 4 nafar evaralari qurshovida va ardog’ida. Ustozimiz 2001 yilda umr yo’ldoshlari Mukambarxon aya bilan Haj ibodatini ado etib hoji va hojiona maqomiga ega bo’ldilar.
Ha ustozimiz qutlug’ 80 yoshga qadam qo’ydi. Agar ta’bir joiz bo’lsa, bu yoshni ezgulikka, ilmu-ma’rifatga va ta’lim-tarbiyaga baxshida umrning sakson devoni deyish to’g’ri bo’ladi. Hali ustozimiz kuch g’ayratga to’la, o’zining sermahsul ijodi, faol harakati bilan iqtisodiyotimiz tarmoqlarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashda, respublikamiz salohiyatini oshirishda munosib hissalarini qo’shishlariga ishonchimiz komil.
Mo’’tabar, aziz ustozimizga uzoq umr va ko’p yillar sermahsul ijod qilishlarini tilab qolamiz. |