Forumda institut rektori, iqtisod fanlari doktori, professor A.Vahobov, o’quv ishlari bo’yicha prorektor Sh.Shayakubov, “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasi bosh direktori L.Xalimtaev, bosh direktor o’rinbosari J.Dadajonov ishtirok etdilar. Forumda, shuningdek, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, marketing xizmati xodimlari, “Sug’urta ishi” kafedrasi professor-o’qituvchilari hamda bakalavriat va magistratura talabalari hozir bo’ldilar.
Forum doirasida Toshkent moliya instituti va “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasi o’rtasida uzoq muddatga mo’ljallangan hamkorlik qilish to’g’risida shartnoma imzolandi. Mazkur shartnomani institut rektori, professor A.Vahobov va kompaniya bosh direktori L.Xalimtaev imzoladilar. Shartnomaning imzolanishi talabalarga “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasi tizimida malakaviy amaliyot o’tash, qolaversa, kompaniyaning tajribali mutaxassislarini institutda dars mashg’ulotlarini olib borishlari uchun shart-sharoit yaratadi.
Forumda Toshkent moliya instituti talabalari o’rtasida “Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi”, “Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti” nominatsiyalari bo’yicha pul mukofotlari va diplom bilan taqdirlanadigan tanlovlar o’tkazish to’g’risida Qo’shma qaror imzolandi. Shuningdek, institut tarixida birinchi marta talaba yoshlar o’rtasida “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi bo’yicha ham tanlov o’tkazishga kelishib olindi. Forumda “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasi rahbariyati Toshkent moliya institutida ta’lim olayotgan iqtidorli talabalarni moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlash maqsadida kompaniyaning maxsus stipendiyasini joriy qilishini ham ma’lum qildi. Sug’urta kompaniyasining institutimiz yoshlariga ko’rsatayotgan bunday saxovati talabalarda katta qiziqish uyg’otdi.
.aspx)
Tadbirda so’zga chiqqan “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasi bosh direktori o’rinbosari J.Dadajonov, Toshkent moliya instituti o’quv ishlari bo’yicha prorektori Sh.Shayakubov, Toshkent moliya instituti “Sug’urta ishi” kafedrasi mudiri X.Shennaev, talabalar I.Irgashev va M.Ismoilovalar institut hamda kompaniya o’rtasida imzolangan hujjatlarning ahamiyatini yuqori baholadilar.
Forum doirasida Toshkent moliya institutida “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasining maxsus o’quv auditoriyasini tashkil etish to’g’risida Qo’shma qaror imzolandi. Bu qarorga muvofiq, maxsus o’quv auditoriya eng zamonaviy komp’yuter texnikalari, elektron doskalar va mebellar bilan jihozlanadi. Ularning hammasi sug’urta kompaniyasi mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.
.aspx)
Tadbir ishtirokchilari “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasi tomonidan homiylik asosida Toshkent moliya institutining “Sug’urta ishi” kafedrasiga eng so’ngi rusumdagi komp’yuterlar hamda printer, skaner va nusxa ko’chiruvchi apparatlarning topshirilganligini guvohi bo’ldilar.
Shunisi diqqatga sazovorki, “KAPITAL SUG’URTA” kompaniyasining Toshkent moliya institutiga kiritgan investitsiya mablag’larining umumiy miqdori 7725,0 ming so’mni tashkil etdi.
Forumda respublikamizning etakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Forum 2010 yil 4 mart kuni “O’zbekiston” teleradiokanalining “AXBOROT”, “Yoshlar” teleradiokanalining “DAVR”, “Toshkent” teleradiokanalining “Poytaxt” va “NTT” telekanalining informatsion dasturlarida keng va atroflicha namoyish etildi. Shuningdek, forumning maqsad va vazifalari, siyosiy, ma’naviy ahamiyati mamlakatimizning etakchi gazetalarida yoritildi.
Umuman forum yuqori saviyada va xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etildi. Forumning “2010 yil – BARKAMOL AVLOD YILI”da o’tkazilganligi hukumatimizning barkamol avlodni tarbiyalash borasida oliy ta’lim muassasalari oldiga qo’ygan vazifalarning amalda ijro etilayotganligining yorqin isbotidir. |