Asosiy saxifa | Sayt xaritasi | Forum
YangiliklarMa'lumotlarStrukturaO'quv jarayoniNashrlarTMI QoshidaDavlat dasturlariFotogalereyaEDUZIYONETVAKGOVTMI Pochtasi
Struktura > Kafedralar > Soliq va soliqqa tortish
Soliq va soliqqa tortish

Jo‘raev Abdug‘Affor Safarovich

Iqtisod fanlari doktori, professor

1968 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutining Moliya-iqtisod fakultetini tamomlagan. 2003 yildan “Soliqqa tortish va sug‘urta ishi” kafedrasi mudiri lavozimida, 2004 yilning dekabr oyidan ushbu kafedra negizida tashkil etilgan “Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

1997 yilda “Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida soliq stavkalarini tabaqalashtirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2005 yilda “Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishning dolzarb muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Qator xorijiy davlatlarda o‘z malakasini oshirgan. 100 dan ortiq ilmiy maqola, tezis, monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi.

Kafedrasining tarixi

Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davri talablaridan kelib chiqib, soliq va sug‘urta tashkilotlarida mutaxassislarga bo‘lgan talabni hisobga olib, 1991 yil 13 maydagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 3 iyundagi qaroriga muvofiq Toshkent moliya instituti tashkil etilgandan so‘ng 1993 yilda “Moliya” kafedrasi negizida yangi “Soliq va sug‘urta” kafedrasi tashkil qilindi.

2003 yil sentyabr oyidan e‘tiboran kafedraning nomi “Soliqqa tortish va sug‘urta ishi” deb yuritila boshlandi. 2004 yilning dekabr oyidan esa ushbu kafedra negizida “Soliqlar va soliqqa tortish” va “Sug‘urta ishi” kafedralari tashkil etildi. 2004 yildan hozirgacha kafedrani iqtisod fanlari doktori, professor Jo‘raev Abdug‘affor Safarovich boshqarib kelmoqda. Kafedra 5230800 — “Soliqlar va soliqqa tortish” bakalavriat ta‘lim yo‘nalishida o‘quv jarayonlarini olib boradi.

Kafedra respublikamiz oliy o‘quv yurtlari bilan birga, qator nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Ular jumlasiga G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, M.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti, AQShning Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universiteti, Chexiya iqtisodiyot va menejment oliy maktabi va boshqalar.

Kafedra professor-o‘qituvchilari hozirgi kunda dolzarb hisoblangan respublikamiz soliq tizimi faoliyatidagi mavjud muammolarni bartaraf etish borasida izlanishlar olib bormoqdalar. Institutda o‘qitishning sifati va samaradorligini o‘zaro uyg‘unlashtirish uslubiyatini joriy qilish orqali Kadrlar tayyorlash milliy dasturini to‘laqonli ta‘lim tizimiga joriy etish, respublikamiz iqtisodiyotiga mustaqil fikrlaydigan, o‘z faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashadigan va istiqlol g‘oyalariga sadoqatli bo‘lgan barkamol avlodni voyaga etkazish asosiy ustuvor maqsad sifatida belgilab olingan.

Kafedra tashkil etilgan paytdan boshlab hozirgi kunga qadar qisqa vaqt davomida mazkur yo‘nalish bo‘yicha 17 kishi doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini, jumladan, 4 kishi doktorlik dissertatsiyasini va 13 kishi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

Kafedraning shiori: “Yetuk soliqchi kadrlarni tayyorlash — bosh maqsadimiz”.

O‘quv-uslubiy ishlar

Kafedra ta‘lim jarayoni kadrlar tayyorlash milliy dasturi, ta‘lim to‘g‘risidagi qonun hamda boshqa me’yoriy xujjatlarga rioya qilingan holda tashkil etilgan. 5230800-“Soliqlar va soliqqa tortish” ta‘lim yo‘nalishi talabalariga tasdiqlangan ishchi reja asosida o‘quv jarayoni tashkil etilgan bo‘lib, 9ta fan yuzasidan ta‘lim jarayoni olib borilmoqda.

Bular umumiy yuklama hajmiga ko‘ra fanlar bo‘yicha quyidagicha:

  •  “Yuridik shaxslarni soliqqa tortish” — 258 soat;
  • “Jismoniy shaxslarni soliqqa tortish” — 148 soat;
  • “Soliq nazorati” — 74 soat;
  • “Soliq nazariyasi” — 150 soat;
  • “Soliq menejmenti” — 74 soat;
  • “Soliqlar va soliqqa tortish” — 186 soat;
  • “Soliq statistikasi va prognozi” — 168 soat;
  • “Soliq huquqi” — 144 soat;
  • “Bojxona ishi asoslari” — 76 soat.

Kafedrada o‘qitiladigan barcha fanlarning har biridan o‘quv-uslubiy majmualar, ta‘lim texnologiyalari majmuasi, amaliy ish o‘yinlari, keys, slaydlar, jadvallar va boshqa ko‘rgazmali qurollar tayyorlangan va ulardan o‘quv jarayonida keng foydalanilmoqda.

Muallif A.Jo‘raev tomonidan “Yuridik va jismoniy shaxslarni soliqqa tortish” va mualliflar A.Jo‘raev va N.Artiqovlar tomonidan tayyorlangan “Soliq huquqi” (kollej va akademik litseylar uchun), A.Jo‘raev va G‘.Safarovlar tomonidan tayyorlangan “Soliq nazariyasi” nomli o‘quv qo‘llanmalar yaratildi. Shuningdek, “Soliqlar va soliqqa tortish” bakalavriat ta‘lim yo‘nalishi bitiruvchi kurs

talabalari uchun bitiruv malakaviy ishini bajarish yuzasidan uslubiy qo‘llanma (Jo‘raev A., Amanov A., Usmonova M.) va “Soliqlar va soliqqa tortish” bakalavriat ta‘lim yo‘nalishi talabalari uchun “Soliqlar va soliqqa tortish” fanidan kurs ishi bajarish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma (Jo‘raev A., Amanov A.) yaratildi.

Kafedra professor-o‘qituvchilari o‘quv mashg‘ulot-larini olib borishda multimedia jihozlaridan, mavzular bo‘yicha ishlab chiqilgan Power Point formatidagi jadvallardan, kompyuterdan, audio va video jihozlardan, dioproektor va kodoskoplardan foydalanishmoqda.

Shuningdek, ma‘ruza va amaliy mashg‘ulotlari soliq turlarining hisoblanish uslubiyatini tavsiflovchi tarqatma materiallar, tahliliy jadvallar, slaydlar hamda ko‘rgazmali qurollardan foydalangan holda olib borilmoqda.

Innovatsion faoliyati

“Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi tashkil qilinganidan so‘ng kafedraning professor-o‘qituvchilari chet el grantlari asosida xorijiy mamlakatlarda tajriba orttirib, o‘z malakalarini oshirib keldilar. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Davlat departamenti granti asosida kafedraning katta o‘qituvchilari A.Inoyatov (2004 yilda) va O.Shodievlar (2005 yilda) Texas A&M Universitety da, M.Usmanova (2010 yilda) va N.Yakubovalar (2011 yilda) Chexiya Respublikasining “Iqtisodiyot va menejment oliy maktabi”da tajriba almashinuvida bo‘ldilar.

Bundan tashqari kafedraning professor-o‘qituvchilari bir qator loyihalarda qatnashib, ularga rahbarlik qilishmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2011 yil 13 iyuldagi 3-sonli bayonnomasiga muvofiq fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsiya ilmiy-texnika dasturlarini shakl-lantirishga oid normativ — huquqiy

hujjatlarning amaliyotga tadbig‘ini ta‘minlash maqsadida ITD-2. “Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va erkinlashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish” yo‘nalishidagi “Iqtisodiy taraqqiyot davrida dehqon va fermer xo‘jaliklarini soliqqa tortishni takomillashtirish” (loyiha rahbari — i.f.n. dots. v.b. A.M.Amanov), “Tadbirkorlik sub’ektlarida soliq yukini optimallashtirishning ilmiy-uslubiy asoslari” (loyiha rahbari — i.f.n. dots. v.b. I.M.Niyazmetov) mavzularidagi loyihalarga rahbarlik qilishmoqda.

Ilmiy-tadqiqot ishlari

Kafedraning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi asosan milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida soliqlar va soliqqa tortish tizimini takomillashtirish hisoblanadi. Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi kafedra faoliyatini eng asosiy va ajralmas qismi bo‘lgani holda, mazkur yo‘nalishdagi ishlarga kafedraning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi ilmiy xodimlari va izlanuvchilari jalb etilgan.

Kafedrada olib borilayotgan ilmiy ishlar mavzulari institut Ilmiy Kengashi tomonidan tasdiqlangan. Ilmiy ishlarning qay darajada kechayotganligi va erishilayotgan natijalar kafedraning har oylik yalpi yig‘ilishlarida muhokama etib boriladi. So‘nggi yillarda mobaynida kafedra professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilaridan N.Kuzieva doktorlik dissertatsiyasini, F.Sharipov, I.Niyazmetov Sh.Sobirov, A.Amanov, M.Usmanova, M.Abishevlar nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Kafedra a‘zolaridan O.Meyliev, O.Shodiev, N.Artikov, N.Yakubova, M.Sobirov, Sh.Qiyosovlar esa nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida.

Kafedra professor-o‘qituvchilari faoliyatida respublika va xorij jurnallarida ilmiy maqolalar bilan chiqishlar alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ularning har biri o‘zlarining ilmiy ish mavzularining dolzarb jihatlarini o‘zida mujassam etgan ilmiy maqolalari bilan chiqishlar qilmoqdalar.

Bog‘lanish uchun ma‘lumotlar:

Manzil: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, H.Asomov ko‘chasi, 7-uy, 408 xona

Tel.: (99871) 2357362

E-mail: depmsst@tfi.uz

© 1999-2012. Saytda joylashtirilgan barcha ma’lumotlar Uzbekiston va xalqaro qonunchiligida mualliflik xuquqlar asosida ximoyalangan. Saytdagi ma'lumotlardan sayt muallifi ruxsatisiz foydalanish ta'qiqlanadi. Toshkent Moliya Instituti. AT Markazi.