
Toshkent moliya instituti “Kapital Sug’urta” OAJ bilan hamkorlikda “Sug’urta ishi” va “Moliya” yo’nalishlari bo’yicha bakalavriat va magistratura talabalari o’rtasida quyidagi nominatsiyalar bo’yicha tanlov e’lon qiladi:
- “Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”.
- “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi”.
- “Sug’urta mavzusi bo’yicha eng yaxshi ilmiy maqola”.
- “Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti”.
TANLOVNING MAQSADI VA VAZIFALARI
- Yuqori o’zlashtirish va ilmiy salohiyat ko’rsatkichlari hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirayotgan iqtidorli yoshlarni rag’batlantirish;
- Sug’urta sohasida yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimi sifatini oshirish;
- “Kapital Sug’urta” OAJda ishlash uchun iqtidorli talabalarni tanlab olish;
- Respublikada keng ko’lamda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida talabalarning ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish.
TANLOV ShARTLARI:
“Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” nominatsiyalari bo’yicha tanlovda ishtirok etayotgan talabalar quyidagi talablarga javob berishlari zarur:
- Tanlangan bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi mavzusi bo’yicha kamida 2 ta e’lon qilingan ilmiy maqolaga ega bo’lishi;
- Bitiruv malakaviy ishi va/yoki magistrlik dissertatsiyasi himoyasi bo’yicha Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining xulosasi;
- Talabaning axloqi va davomati bo’yicha dekanat hamda ilmiy rahbarning tavsifnomasi va a’lo reyting daftarchasiga ega ekanligi tanlov komissiyasi tomonidan alohida hisobga olinadi.
“Sug’urta mavzusi bo’yicha eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi bo’yicha tanlovda ishtirok etayotgan talabalar quyidagi talablarga javob berishlari zarur:
- Ilmiy maqola O’zbekistonda zamonaviy sug’urtaning dolzarb muammolari va ularni hal etishning yo’llarini o’zida ifoda etgan bo’lishi shart;
- Mualliflarning xulosa va takliflari ilmiy asoslangan hamda dalillangan bo’lishi shart. Maqolada innovatsion g’oyalar va tahliliy materiallarning mavjudligi tanlov komissiyasi tomonidan alohida e’tiborga olinadi;
- Tanlovda ishtirok etish uchun talabalarning ushbu tanlov uchun maxsus yozilgan va ilgari hech joyda e’lon qilinmagan maqolalari qabul qilinadi;
- Ilmiy maqolalar o’zbek va rus tillarida yozilishi mumkin;
- Maqolaning hajmi probellarsiz 20 000 belgidan oshib ketmasligi kerak. Maqolada illyustratsiyalarning mavjudligi qo’llab-quvvatlanadi.
“Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti” nominatsiyasi bo’yicha tanlovda ishtirok etayotgan talabalar quyidagi talablarga javob berishlari zarur:
- Xorijiy davlatlar tajribasi va mijozlarning ehtiyojini hamda milliy sug’urta bozori va uning o’ziga xos xususiyatlariga asoslangan holda yangi sug’urta mahsulotini ishlab chiqish;
- Amaldagi sug’urta mahsulotining takomillashgan (modernizatsiyalashgan) variantini taqdim etish.
Nominatsiyalar bo’yicha g’olib deb topilgan har bir talaba tegishli sertifikat va pulmukofotlari bilan taqdirlanadi. Pul mukofotlarining miqdori quyidagicha belgilangan (O’zbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisoblanadi):
| Nominatsiyalar |
I-o’rin |
II-o’rin |
III-o’rin |
| Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi |
500 000 |
250 000 |
125 000 |
| Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi |
700 000 |
400 000 |
200 000 |
| Sug’urta mavzusi bo’yicha eng yaxshi ilmiy maqola |
800 000 |
500 000 |
300 000 |
| Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti |
1 000 000 |
600 000 |
350 000 |
- Yangi sug’urta mahsulotini ishlab chiqish
|
800 000 |
500 000 |
300 000 |
- Amaldagi sug’urta mahsulotining takomillashgan varianti
|
200 000 |
100 000 |
50 000 |
TANLOVLARNI TAShKIL ETISh VA O’TKAZISh TARTIBI
- Tanlov ishtirokchilari komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- “Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” nominatsiyalari bo’yicha:
- tanlovda ishtirok etish uchun tanlov komissiyasi raisi nomiga yozilgan ariza;
- talabaning tarjimai holi;
- e’lon qilingan ilmiy maqolalarning nusxalari;
- bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasining nusxasi;
- bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasi himoyasi bo’yicha Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining xulosasi.
- “Sug’urta mavzusi bo’yicha eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi bo’yicha:
- tanlovda ishtirok etish uchun tanlov komissiyasi raisi nomiga yozilgan ariza;
- talabaning tarjimai holi;
- talabaga dekanat tomonidan berilgan ma’lumotnoma. Ma’lumotnomada talaba o’qiyotgan yo’nalish yoki mutaxassislik shifri, kurs, guruh raqami aniq ko’rsatilgan bo’lishi zarur;
- ilmiy maqolaning qog’oz va elektron varianti.
- “Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti” nominatsiyasi bo’yicha:
- tanlovda ishtirok etish uchun tanlov komissiyasi raisi nomiga yozilgan ariza;
- talabaning tarjimai holi;
- yangi ishlab chiqilgan sug’urta mahsulotining tavsifi yoki amaldagi sug’urta mahsulotining takomillashgan (modernizatsiyalashgan) varianti;
- mazkur sug’urta mahsulotini sotish bo’yicha biznes-reja;
- “Sug’urta ishi” kafedrasining xulosasi.
- Tanlov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni ko’rib chiqadi va har bir nominatsiya bo’yicha g’olib va sovrindorlarni aniqlaydi. Zaruriyat bo’lganda, tanlov komissiyasi nominatsiyalar bo’yicha g’oliblik va sovrindorlikka da’vogarlar bilan yakuniy suhbat o’tkazishi mumkin. “Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti” nominatsiyasi bo’yicha g’olib va sovrindorlarni aniqlashda, tanlov komissiyasiga, tanlovga taqdim etilgan sug’urta mahsuloti bo’yicha “Kapital Sug’urta” OAJning xulosasiga tayanish huquqi beriladi. Nominatsiyalar bo’yicha g’oliblarni aniqlash komissiya a’zolari tomonidan ovoz berish yo’li bilan amalga oshiriladi. Komissiyaning har bir a’zosi bir ovozga ega.
TANLOVNI O’TKAZISh BOSQIChLARI VA MUDDATLARI:
“Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” nominatsiyalari bo’yicha tanlov:
- “Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” nominatsiyalari bo’yicha tanlov Institut Rektorining “Sug’urta ishi” va “Moliya” bakalavriat yo’nalishlari hamda ularning negizida tayyorlanayotgan magistratura mutaxassisliklari bitiruvchi kurs talabalariga bitiruv malakaviy ishi, magistrlik dissertatsiyalari mavzularini biriktirish va rahbarlarni tayinlash to’g’risidagi tegishli buyruqlari imzolangan kundan boshlanadi.
- “Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” nominatsiyalari bo’yicha tanlov ishtirokchilari hujjatlarini ko’rib chiqish tanlov komissiyasi tomonidan, o’rnatilgan tartibda tasdiqlangan o’quv jarayoni grafigiga muvofiq, Toshkent moliya instituti huzuridagi Yakuniy Davlat Attestatsiyasi komissiyasi qarori qabul qilingan kundan bir hafta muddat ichida amalga oshiriladi.
“Sug’urta mavzusi bo’yicha eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi bo’yicha tanlov:
- Har yili 1 oktyabrda boshlanadi va tanlov komissiyasiga ilmiy maqolalarni taqdim etish sharti bilan 1 mayda tugaydi.
- Tanlov ishtirokchilarining hujjatlarini ko’rib chiqish har yili may oyining birinchi dekadasida amalga oshiriladi.
“Eng yaxshi innovatsion sug’urta mahsuloti” nominatsiyasi bo’yicha tanlov:
- Har yili sentyabr oyidan boshlanadi (bu tanlovda “Sug’urta ishi” va “Moliya” yo’nalishlari va ularning negizidagi magistratura mutaxassisliklarida ta’lim olayotgan barcha kurs talabalari ishtirok etishlari mumkin);
- Tanlov ishtirokchilarining hujjatlarini ko’rib chiqish har yili may oyining birinchi dekadasida amalga oshiriladi.
Tanlov g’oliblari va sovrindorlarini taqdirlash talabalarning institutni bitirganliklari to’g’risida diplomlarni topshirishga bag’ishlangan tantanali tadbirda amalga oshiriladi. |