I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunining 5-moddasiga va Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturiga muvofiq, Toshkent moliya instituti bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Chuqur kasbiy bilim va ilmiy yutuqlarga, ijodiy ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyat va ahloqiy fazilatga ega bo‘lgan, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablariga mos kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanishga munosib bo‘lgan eng malakali professor-o‘qituvchilar va xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish orqali institutda sog‘lom raqobat muhitini yaratish va ta’minlash tanlovning maqsadi hisoblanadi.
II. Lavozimlari tanlov bo‘yicha egallanadigan professor-o‘qituvchilar va xodimlar, tanlov qatnashchilariga qo‘yiladigan malaka talablari
2. Professor-o‘qituvchilar va xodimlar tarkibi toifasiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent) lavozimini egallab turgan shaxslar kiradi.
3. Institutining kafedra mudiri, professori, dotsenti, katta o‘qituvchisi, o‘qituvchisi (assistent) lavozimi, besh yil muddatga, tanlov bo‘yicha egallanadi.
Besh yillik muddat tamom bo‘lgandan keyin ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlar mazkur Nizomga muvofiq qayta tanlov asosida egallanadi.
Ikki va undan ortiq teng lavozimlarga bir vaqtda tanlov o‘tkazilmaydi.
4. Kafedra mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda fan doktori, fan nomzodi ilmiy darajasiga, shuningdek professor yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslar qatnashishi mumkin.
Dotsent (fan nomzodi) kafedra mudiri lavozimiga bir besh yillik muddatga saylanadi.
Bir muddat tamom bo‘lgandan keyin kafedra mudiri lavozimini egallab turgan va fan doktori ilmiy darajasini olmagan dotsent (fan nomzodi) institut rektorining taqdimnomasiga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligini ruxsati bilan kafedra mudiri lavozimini egallash bo‘yicha tanlovda ikkinchi marta yana qatnashishi mumkin.
Fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan aynan bir shaxsning kafedra mudiri lavozimiga tanlovdan ketma-ket uchinchi muddatga qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tillar, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari kafedra mudirlari lavozimini egallash uchun tanlovda dotsent ilmiy unvoniga (fan nomzodi ilmiy darajasiga) ega bo‘lmagan, biroq kamida 5 yillik metodik, ilmiy- pedagog, ijodiy va tashkiliy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan shaxs qatnashishi mumkin.
5. Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga ko‘ra, professor ilmiy unvoniga yoki fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan shaxs qatnashishi mumkin.
Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek, kamida 5 yillik ilmiy-pedagogik ish stajiga ega, mazkur kafedraning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi, fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxs bir muddatga qatnashishi mumkin.
6. Dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga ko‘ra, tegishli ixtisoslik bo‘yicha dotsent, katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga yoki fan doktori (nomzodi) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan shaxs qatnashishi mumkin.
Bir muddatga dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek, tegishli ilmiy unvonga va ilmiy darajaga ega bo‘lmagan, biroq, ushbu mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik amaliy ish tajribasiga ega, mazkur kafedraning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi bo‘lgan yuqori malakali amaliyotchi-mutaxassis ham qatnashishi mumkin.
7. Katta o‘qituvchi lavozimini egallash uchun tanlovda oliy ma’lumotli shaxs (magistr, diplomli mutaxassis), shuningdek, ilmiy daraja va ilmiy unvonli yoki bunday daraja va unvonga ega bo‘lmagan, biroq o‘qituvchilik, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar ham qatnashishi mumkin.
8. O‘qituvchi (assistent) lavozimini egallash uchun tanlovda tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs (magistr, diplomli mutaxassis) qatnashishi mumkin.
9. Homilador ayollar, shuningdek, uch yoshgacha bolalari bo‘lgan ayollar egallab turgan lavozimlarga tanlov e’lon qilinmaydi.
10. Tanlovsiz ishga qabul qilinadigan nomzodlar:
10.1. Institutga o‘qituvchi lavozimiga soatbay asosida haq to‘lash shartlariga ko‘ra ishga kirayotgan shaxslar rektor buyrug‘i bilan, belgilangan tartibda qabul qilinadi;
10.2. Aspirantura bitiruvchisi, shuningdek, oliy ta’lim muassasasini bitirgan mutaxassis taqsimotga ko‘ra, o‘qituvchi lavozimiga 3 yil muddatga tayinlanadi.
III. Tanlovlarni o‘tkazish tartibi
11. Institut mazkur o‘quv yilida saylangan muddati yakunlangan kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi va assistentlar lavozimini egallash uchun, shuningdek, bo‘sh lavozimlarga tanlov e’lon qiladi.
12. Tanlov bo‘yicha saylov institutning yoki tegishli fakultetning Ilmiy Kengash(lar)ida yopiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Institut yoki fakultetning Ilmiy Kengash(lar)ida saylanadigan lavozimlarni belgilash huquqi rektorga tegishli bo‘ladi.
Kafedra mudirlari, professorlar, dotsentlar va katta o‘qituvchilar institutning Ilmiy Kengashida tanlovdan o‘tkaziladi.
13. Tanlovlar ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan institutning ko‘p nusxali gazetasida e’lon qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar e’lon chiqqan kundan boshlab, bir oydan kechikmay berilishi talab etiladi.
14. Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi shaxslar institut rektori nomiga ariza, kadrlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa va oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom(lar) nusxalarini ilova qilishlari shart.
Tanlovda ilmiy daraja, ilmiy unvon, shuningdek, ilmiy ishlar va ixtirolari mavjud bo‘lgan shaxslar tegishli diplom, attestat nusxalari va ilmiy ishlar ro‘yxati, malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikat (guvohnoma)larini taqdim etishlari kerak.
15. Tanlovga tushgan hujjatlar oldindan tegishli kafedra majlisida ko‘rib chiqiladi. Kafedrada ishlamagan shaxslarning hujjatlarini ko‘rib chiqish, ular tomonidan ma’ruza (fakultet, kafedra professor-o‘qituvchilari ishtirokida ochiq ma’ruza) o‘tkazilishi va uning kafedrada o‘tiladigan fan o‘quv dasturi talabiga muvofiq bo‘lishi natijasiga asoslanib, ba’zi hollarda test sinovlarini o‘tkazish orqali ham amalga oshiradi. Kafedra mudiri lavozimiga nomzodlarni muhokama qilish bo‘yicha majlisni fakultet dekani (institut umumiy kafedralarida – prorektor) o‘tkazadi.
Ilgari o‘zi egallab kelgan lavozim uchun tanlovda ikkinchi marta qatnashuvchi shaxslar kafedra majlisida tanlovdan oldingi davrdagi ilmiy-metodik, pedagogik-tarbiyaviy va boshqa faoliyat natijalari to‘g‘risida hisobot beradi.
Kafedra ilgari egallab kelgan lavozimi uchun tanlovda qatnashuvchi har qaysi nomzod bo‘yicha taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, ochiq yoki yashirin ovoz bergan holda kafedraning asosiy shtatdagi, shu jumladan, o‘rindoshlik tartibida ishlayotgan professor-o‘qituvchilarning va xodimlarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan tavsiyanoma qabul qiladi va uni professor-o‘qituvchining hisoboti bilan birga institut (fakultet) Ilmiy Kengashiga taqdim etadi.
Fakultet (kafedra) a’zosi hisoblanmaydigan shaxslar kafedra mudiri lavozimiga nomzodlar bo‘yicha tavsiyanomalarni qabul qilishda (ovoz berishda) qatnashmaydi. Tanlov e’lon qilingan lavozimini egallab turgan shaxs, unga tegishli ma’lumotlarni ko‘rib chiqish, ovoz berish chog‘ida qatnashmaydi.
16. Har qaysi nomzod bo‘yicha Ilmiy Kengash majlisida yashirin ovoz berishni o‘tkazishdan oldin kafedraning tavsiyanomasi o‘qib eshittiriladi.
17. Mazkur lavozim uchun tanlovda qatnashuvchi barcha shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi yashirin ovoz berish uchun bitta byulletenga kiritiladi.
Byulletenda ovoz berilayotgan nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi ro‘parasiga tegishli belgi qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tanlovda ikki va undan ortiq nomzodlardan faqat bir nomzod uchun ovoz berishga yo‘l qo‘yiladi.
Byulletenda belgi qo‘yilmagan bo‘lsa, yoxud belgi ikki yoki undan ko‘p nomzod ro‘parasiga qo‘yilgan bo‘lsa, u holda bunday byulleten buzilgan hisoblanadi va komissiya tomonidan hisobga olinmaydi.
18. Nomzodlar berilgan ovozlarni hisoblash uchun Ilmiy Kengash mazkur jarayon oldidan Ilmiy Kengashning tavsiyasiga ko‘ra, kamida uch nafar a’zodan iborat sanoq komissiyasini saylaydi. Sanoq komissiyasi har bir nomzod bo‘yicha ovoz berish natijalarini e’lon qiladi.
Sanoq komissiyasi bayonnomasi Ilmiy Kengash tomonidan tasdiqlanadi va tanlov materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
19. Tanlovni o‘tkazishda Ilmiy Kengash qarori, agar ovoz berishda Ilmiy Kengashning tasdiqlangan (ro‘yxatdagi) tarkibidagi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan bo‘lsa vakolatli hisoblanadi. Ilmiy Kengashning ovoz berishda qatnashgan a’zolarning ko‘pchilik ovozini, biroq kamida 50 foiz ovozini olgan nomzod tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.
Ikki nafardan ko‘p nomzodlar qatnashgan va ularni birortasi ham talab qilingan miqdorda ovoz ololmagan taqdirda Ilmiy Kengashning aynan shu majlisida dastlabki ikki talabgor o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi. Agar ikki muqobil nomzod qatnashgan tanlovni o‘tkazishda ovozlar soni teng bo‘lib qolsa, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Ilmiy Kengash qarori institut rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Tanlovda qatnashish yuzasidan arizalar kelib tushmagan, shuningdek, muayyan lavozim uchun faqat bitta nomzoddan ariza tushganda tanlov o‘tkazilmaydi.
20. Lavozimlarni egallash uchun professor-o‘qituvchilarni tanlash bo‘yicha kafedra, fakultet va institut Ilmiy Kengashi majlislari ochiq tartibda o‘tkaziladi. Tanlovda qatnashuvchilarga ularning nomzodlari muhokama qilinadigan kafedra, fakultet va institut Ilmiy Kengashi majlislarida qatnashish yoki ularning xohishiga ko‘ra qaror bilan tanishish huquqi beriladi.
21. Tanlovda qatnashgan shaxslarga Ilmiy Kengash kotibi tanlov natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (o‘n kun muddatda) yozma ravishda xabardor qiladi.
22. Institut (fakultet) Ilmiy Kengashining qarori amalda bo‘lgan qonunchilik va ushbu Nizom talablariga rioya etilgan holda qabul qilingan hollarda, uzil-kesil hisoblanadi.
IV. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni tuzish, o‘zgartirish va to‘xtatish
23. Institutda ishlamagan shaxslar professor-o‘qituvchilar lavozimiga tanlovdan o‘tgan hollarda belgilangan tartibda ular bilan mehnat shartnomalari tuziladi va rektorning 5 yil muddatga ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.
Mehnat shartnomasida ish beruvchi tomonidan har 5 yilda professor-o‘qituvchi va xodim egallab kelgan lavozim uchun tanlov o‘tkazilishi belgilab qo‘yiladi, ular esa tanlovda qatnashishga haqlidir.
Professor-o‘qituvchi va xodimning mehnat shartnomasi tuzilgandan keyin ishga kirishishi shart bo‘lgan muddat tomonlarning kelishuviga ko‘ra belgilanadi. Ushbu muddat uch oydan oshishi mumkin emas.
24. Institutda ishlaydigan va tanlov bo‘yicha saylangan shaxslarning mehnat shartnomalariga quyidagilar yozib qo‘yiladi:
a) ular ilgari egallab kelgan lavozim uchun – mehnat munosabatlarini yangi muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi ma’lumotlari yoziladi va tegishli tartibda buyruq chiqariladi;
b) boshqa lavozimlar uchun – tanlovdan o‘tganlik to‘g‘risida Ilmiy Kengash bayonnomasi qayd etilgan holda, tegishli o‘zgartirishlar yoziladi va lavozimga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqariladi va shaxsiy xujjatlar jildiga tikiladi.
Davlat boshqaruvi organi qaroriga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar tarkibi attestatsiyadan o‘tkazilgan taqdirda attestatsiya yakunlariga binoan, ish beruvchi va professor-o‘qituvchilar (xodimlar) o‘rtasidagi mehnat munosabatlari masalalari, shaxsning tanlov bo‘yicha egallanadigan lavozimda bo‘lish muddatidan qat’iy nazar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
25. Ilgari egallab kelgan lavozim uchun tanlovdan o‘tmagan shuningdek, tanlovda qatnashish uchun ariza bermagan shaxslar bilan mehnat shartnomasi yangi muddatga tanlovdan o‘tmaganligi yoxud tanlovda qatnashishni rad etganligi sababli o‘quv yili yakunida mehnat qonunchiligiga muvofiq to‘xtatiladi.
26. Kafedralar birlashtirilganda yoki kafedra bo‘linganda professor-o‘qituvchilar tarkibi bo‘yicha muddatidan oldin tanlovlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kafedralar birlashtirilgan taqdirda yangidan tashkil etilgan kafedra mudiri lavozimini egallash to‘g‘risidagi masalani institutning Ilmiy Kengashi oldindan tanlov e’lon qilmasdan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan hal qiladi.
Kafedra bo‘lingan taqdirda uning mudiri saylangan muddati o‘tgungacha, rektor buyrug‘i bilan yangidan tashkil etilgan kafedralardan birining mudiri lavozimiga tayinlanadi. Boshqa kafedraning mudiri lavozimiga tanlov bo‘yicha tayinlanadi.
27. Institut rektoriga tanlov o‘tkazilgungacha kafedraning etakchi o‘qituvchilaridan bittasiga yoki dekanga bo‘sh kafedra mudiri lavozimi bo‘yicha vazifalarni bajarishni yuklashga ruxsat etiladi.
Vakillik organlarida saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanishi natijasida ning bilan mehnat shartnomasi to‘xtatilgan professor-o‘qituvchi saylov bo‘yicha vakolatlari tugagandan keyin tanlov natijalariga ko‘ra, saylangan muddati tugagungacha institutning ilgari egallab kelgan yoki unga teng bo‘lgan professor-o‘qituvchilar tarkibidagi lavozimga qayta tayinlanadi.
28. Institut rektoriga institut (fakultet) Ilmiy Kengashida ko‘rib chiqish uchun pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani kiritish huquqi beriladi.
Institut (fakultet) Ilmiy Kengashida professor-o‘qituvchi egallab turgan lavozimiga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan oldin, uning ishlari rektor tasdiqlaydigan komissiya tomonidan tekshirilishi kerak. Ilmiy Kengash qarori asosida professor-o‘qituvchi egallab turgan lavozimiga nomuvofiqligi bo‘yicha vazifasidan ozod qilishga uning malakasi etarli bo‘lmaganligi, ilmiy-metodik va tarbiyaviy ishlar, shuningdek, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazish darajasi past bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Ilmiy Kengash qaroriga ko‘ra, kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent) egallab turgan lavozimiga nomuvofiq deb e’tirof etilsa, u holda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Kafedra mudiri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek, kafedraga rahbarlik qilish bo‘yicha o‘z funktsional vazifalarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi sababli Ilmiy Kengash qaroriga binoan bekor qilinadi.
29. Institutning professor-o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish masalalari amaldagi mehnat qonun hujjatlari va tegishli nizomlarda belgilangan tartibda hal etiladi. |