Karimov Akrom Abbosovich
Iqtisod fanlari doktori, professor
1953 yil 25 fevralda Toshkent shahrida tug’ilgan, o’zbek, ma’lumoti oliy, mutaxassisligi – buxgalter-iqtisodchi. Iqtisod fanlari doktori, professor.
U 1970 yilda o’rta maktabni tugatib, shu yil Toshkent xalq xo’jaligi institutiga o’qishga kirgan. 1974 yilda institutni tugatib, Qurolli Kuchlar safida xizmatidan so’ng, tanlov asosida shu institutning “Buxgalteriya hisobi, nazorat va tahlil” kafedrasida ishga qoldirilgan. 1980-1983 yillar davomida Moskva Davlat Universitetida kunduzgi aspiranturasida taxsil olib, nomzodlik dissertatsiyasini va 2009 yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ish faoliyati davomida 1987-1991yillarda dekan o’rinbosari, 1991-2004 yillar davomida Toshkent Moliya institutida fakultet dekani, kafedra mudiri lavozimida ishladi.
2004 yil dekabr oyida bo’lib o’tgan saylovlarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. 2005 yil 27 yanvarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o’rinbosari lavozimiga saylandi, so’ng Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo’mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi.
2009 yildan Toshkent Moliya instituti “Buxgalteriya hisobi” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.
2010 yildan Toshkent moliya institutining o’quv ishlari bo’yicha prorektor lavozimida ishlamoqda.
Mustaqil O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqiga qaratilgan qonun ijodkorligi sohasida faoliyat yuritish bilan birga buxgalteriya hisobi va audit yo’nalishi bo’yicha izlanishlar olib bordi. Shu kungacha 20 ga yaqin darslik, o’quv qo’llanmalar va 70 da ortiq ilmiy maqolalar chop etgan. Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda – Angliya, AQSh, Italiya va Turkiya davlatlarida tajriba almashib, mamlakatimiz iqtisodiyotida buxgalteriya hisobi va auditni takomillashtirish masalalari bo’yicha malaka oshirgan va xalqaro sertifikatlarga ega.
Ko’p yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati va ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan “Faxriy yorliq” va “O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi va 15 yilligi” ko’krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Oilali, 3 farzandi va 5 nabirasi bor. |