• 6.jpg
  • 55.jpg
  • 77.jpg
  • fon1.jpg
  • fon2.JPG

Hide Main content block

Ko'p beriladigan savollar

1. Savol: Farzandim to’lov-kontrakt asosida universitetda tahsil olmoqda. Oilaviy sharoitimiz og’ir. Farzandimni o’qishini byudjet asosiga o’tkazishni imkoni bormi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to’g’risida”gi Nizomning 3-bandidagi birinchi xat boshiga muvofiq:

“Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko’ra to’plangan ballarning reyting tizimi bo’yicha amalga oshiriladi”.

Mazkur Nizomning 3-bandidagi ikkinchi xat boshiga muvofiq:

“Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to’lov-kontrakt bo’yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to’plagan abiturientlarga davlat grantlari bo’yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to’lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar”.

To’lov–kontrakt asosida o’qish ixtiyoriy bo’lib, tegishli me’yoriy hujjatlarda mazkur toifadagi talabalarga to’lov shartlarini engillashtirish bo’yicha imtiyozlar berish ko’zda tutilmagan.

2. Savol: Agar talaba shartnoma pulini to’lashga qiynalsa, Oliy ta’lim muassasasi tomonidan imtiyoz berish nazarda tutiladimi?

Javob: To’lov–kontrakt asosida o’qish ixtiyoriy bo’lib, tegishli me’yoriy–huquqiy hujjatlarda mazkur toifadagi talabalarga oliy ta’lim muassasasi tomonidan to’lov shartlarini engillashtirish bo’yicha imtiyozlar berish ko’zda tutilmagan.

Shuningdek, hozirgi kunda talabalarni to’lov – kontrakt asosida o’qishi uchun keng imkoniyatlar mavjud bo’lib, ulardan biri bu “ta’lim krediti”dir. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o’quv yurtlarida to’lov-kontrakt asosida o’qish uchun ta’lim kreditlari berish to’g’risida”gi 318-sonli qaroriga asosan bank muassasalari tomonidan to’lov-kontrakt asosida o’qiyotgan talabalarga berilayotgan “ta’lim kredit”lari juda ham qulay va samarali hisoblanadi.

Ushbu qarorning 3-bandiga asosan:

- chin etimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar hamda I va II guruh nogironlari uchun – foizsiz ta’lim kreditlari beriladi;

- kam ta’minlangan oilalardan bo’lgan talabalar uchun kredit bo’yicha qo’shilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko’maklashish va aіolini ijtimoiy muіofaza єilish markazlari tomonidan “Ish bilan ta’minlashga ko’maklashish davlat jamg’arma”si mablag’lari hisobidan to’lash belgilangan.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining 2010 yil 24 martdagi “O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olish uchun yo’naltiriladigan mablag’larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyozni qo’llash tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 24, 15 – sonli qaroriga (O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010 yil 27 mayda 2107-son bilan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan) asosan, 2010 yil 1 yanvardan boshlab, fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olishga (o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshga to’lmagan farzandlarining ta’lim olishi uchun) yo’naltiriladigan summalariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i solinmaydi.

Shu bilan bir qatorda, Siz homiylik ko’rsatishi mumkin bo’lgan korxona va tashkilotlarga ham murojaat qilishingiz mumkin.

3. Savol: Talabalarni bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazishga doir qanday chora tadbirlar amalga oshirilmoqda?

Javob Har bir talaba o’qishi davomida ma’lum bir to’garakka a’zo bo’lib, darsdan bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishga erishadi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 20 noyabrdagi 07/1-779-sonli topshirig’iga binoan, vazirlikning “Oliy ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat kuni” tadbirlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 486-sonli buyrug’i asosida har bir talaba bir oyda bir marta o’quv mashg’ulotlari tugagandan so’ng“Ma’naviyat kuni” tadbirlarida ishtirok etishadi. Unda ular ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va tarbiyaviy tadbirlar hamda targ’ibot-tashviqot ishlari, teatrlar, muzeylar, tarixiy maskanlar va muqaddas qadamjolarga tashrif buyurishadi.

4. Savol: Talabalarni turar joylarga joylashtirish qay tarzda amalga oshiriladi?

Javob: Talabalarni turar joylariga joylashtirish ishlari O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 17 yanvardagi “Talaba(o’quvchi)lar turar joyi faoliyatiga oid yangi tahrirdagi me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to’g’risida”gi 11-sonli buyrug’i talablari asosida amalga oshiriladi. Bu borada yanada to’liq ma’lumotlarga ega bo’lish istagi bo’lgan yoshlar oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga murojaat etishlari mumkin.

5. Savol: Xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish qanday tartib asosida amalga oshiriladi?

Javob: Xorijiy fuqarolarni O’zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish va o’qitish tartibini takomillashtirish to’g’risida”gi 2008 yil 4 avgustdagi 169-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Xorijiy fuqarolarning hujjatlari O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan muddatlarda ya’ni bakalavriatga kirish uchun 20 iyundan 20 iyulga qadar, magistraturaga kirish uchun 1 iyuldan 30 iyulga qadar qabul qilinadi. O’rnatilgan tartibga binoan xorijiy fuqarolar hujjatlarini tegishli oliy ta’lim muassasasining Qabul komissiyasiga to’g’ridan-to’g’ri topshirishlari kerak.

Xorijiy fuqarolar bakalavriatga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan har yili 1 avgust kuni o’tkaziladigan test sinovlari natijalari asosida qabul qilinadilar. Magistraturaga esa oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil ravishda tahminan 1-10 avgust oralig’ida tashkil etiladigan kirish imtihonlari natijasi asosida qabul qilinadilar.

Xorijiy fuqarolarni talabalar safiga qabul qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O’zbekiston Respublikasi Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasining qarori asosida test sinovlari (bakalavriat uchun) yoki kirish imtihonlari (magistratura uchun) natijalariga ko’ra amalga oshiriladi.

6. Savol: Xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalariga qanday hujjatlar topshiradilar?

Javob: Xorijiy fuqarolarning hujjatlari OTM qabul komissiyasi tomonidan quyidagi ro’yxatga asosan qabul qilinadi.

1) F.I.Sh., fuqaroligi va ta’lim yo’nalishi ko’rsatilgan rektor nomiga ariza;
2) Milliy pasport kopiyasi;
3) Xorijiy fuqaro uchun O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasining kopiyasi (Вид на жительство) – agar mavjud bo’lsa;
4) Bakalavriat uchun - xorijiy fuqaroning o’rta yoki o’rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotini tasdiqlovchi shahodatnoma/diplom/ sertifikatning o’zbek yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan kopiyasi;
Magistratura uchun - Oliy ma’lumot to’g’risidagi hujjatning (ilovasi bilan) o’zbek yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan kopiyasi;
5) Tibbiy ma’lumotnoma (086 shakli);
6) Fotosurat (3,5x4,5) – 6 dona.

6. Savol:Xorijiy fuqarolarning o’qish uchun to’lovlari qanday tartibda amalga oshiriladi?

Javob:Xorijiy fuqarolar o’qishga faqat to’lov-shartnoma asosida qabul qilinib, ular to’lovlarini xorijiy fuqarolar uchun belgilangan miqdorida amalga oshiradilar. Xorijiy fuqarolar o’qish uchun to’lovlarini chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to’lov kunida belgilangan kurs asosida milliy valyutada amalga oshiradilar. Shu bilan birga xorijiy fuqarolar to’lov amalga oshirilganligi to’g’risidagi bank to’lov topshiriqnomasi yoki kvitantsiyasi bilan birga O’zbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to’g’risida sertifikatni ham topshiradilar.

O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo’lgan xorijiy fuqarolar bundan mustasno. Ular to’lovlarni chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to’lov kunida belgilangan kurs asosida, milliy valyutada amalga oshiriladilar. Ulardan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to’g’risidagi sertifikat talab etilmaydi.

7. Savol:O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’lim olish tartibi qanday?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008 yil 21 avgustda davlat ro’yxatidan o’tkazilgan “O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to’g’risida” gi nizomga ko’ra.

Oliy (o’rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotga ega bo’lgan shaxslar quyidagi ikkinchi va undan keyingi oliy (o’rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotni olishlari mumkin:

- o’rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli mutaxassis darajasiga ega bo’lgan shaxslar — o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim yo’nalishlari bo’yicha;
- bakalavr va diplomli mutaxassis darajasiga ega bo’lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo’nalishlari bo’yicha;
- magistr darajasiga ega bo’lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va turdosh magistratura mutaxassisliklari bo’yicha.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish mumkin bo’lgan turdosh magistratura mutaxassisliklari ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy (o’rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo’yicha o’qitish to’lov-kontrakt (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.

8. Savol: Taklif (tashabbus) asosida bajariladigan doktorlik dissertatsiyasi mavzui bo’yicha oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi qarori va muvofiqlashtiruvchi kengash hulosasi bir-biridan jiddiy farq qilsa, u holda qanday harakat qilinadi?

Javob:Taklif (tashabbus) asosida bajariladigan doktorlik dissertatsiyasi mavzui bo’yicha oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashi qarori va muvofiqlashtiruvchi kengash hulosasi bir-biridan jiddiy farq qilgan holda, muassasa kengashi rahbari (muassasa rahbari) tomonidan imzolanadigan yo’llanma xatda shu masalaga munosabat bildirilib, mavzuni ma’lumotlar bazasi (ro’yxat)ga kiritish uchun tegishli xujjatlar taqdim etiladi. Mazkur masala Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo’mitasi va O’zbekiston Respublikasi OAK tomonidan chuqur ko’rib chiqilib, yakuniy xulosa beriladi.

9. Savol: Dissertatsiya ixtisosligi bo’yicha malakaviy imtihon kelgusida dissertatsiya himoyasi mo’ljallangan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash faoliyat ko’rsatayotgan muassasada topshiriladigan bo’lsa, bir martalik ilmiy kengashda dissertatsiyani himoya qiladigan izlanuvchi ixtisoslik bo’yicha malakaviy imtihonni qachon va qaysi muassasada topshiradi?

Javob: Bu borada ixtisoslik bo’yicha malakaviy imtihon O’zbekiston Respublikasi OAK tomonidan tasdiqlangan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengash tuzilgan muassasada topshiriladi.

10. Savol: Oliy ta’lim muassasasi bakalavriati yoki magistraturasini davlat grantlari asosida tamomlagan bakalavr yoki magistrning yo’llanma asosida ishlab berish muddati necha yilni tashkil qiladi?

Javob: “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to’g’risida Nizom”ga muvofiq, agar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida o’qigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanadi.

10.Savol: Oliy ta’lim muassassasini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo’lgan uch yillik muddatga ishga yo’llanma berilgan ta’lim muassasasi, korxona yoki tashkilotda turli lavozimlarda ishlagan muddatdan tashqari yana qanday muddatlar kiradi?

Javob: Bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo’lgan uch yillik muddatga quyidagi muddatlar ham kiradi:
ta’lim muassasasi, korxonasi yoki tashkilot mansub bo’lgan tizimdagi (vazirlik, idora yoki boshqa xo’jalik boshqaruvi organi) boshqa ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda ish beruvchining roziligiga ko’ra ishlagan muddat;
mehnat ta’tilida, shu jumladan ijtimoiy ta’tillarda bo’lgan muddat;

11. Savol: Oliy ta’lim muassasasini to’lov-kontrakt asosida tamomlagan bitiruvchi ham ishga taqsimlanishi mumkinmi?

Javob:Oliy ta’lim muassasalarida o’z hisobidan to’lov-kontrakt bo’yicha ta’lim olgan bitiruvchilar o’z ixtiyori bilan taqsimot komissiyasida ishtirok etishi va uning roziligi asosida komissiya qarori bilan taklif etilayotgan ish joylariga ishga yuborilishi mumkin.

12. Savol: Qanday o’quv adabiyoti darslik hisoblanadi?

Darslik - davlat ta’lim standarlari, o’quv dasturi, uslubiyati va didaktik talablari asosida, milliy g’oya va ma’naviy qadriyatlarimiz singdirilgan, muayyan o’quv fanining mavzulari to’liq yoritilgan, tegishli fan asoslarini mukammal o’zlashtirilishiga qaratilgan xolda, fanga tegishli bilimlarni talabalar tomonidan mustaqil o’zlashtirib olishga, ularda ko’nikma va malakalarni shakllantirishga, kerakli o’quv materialini mustaqil izlash va topishga, amaliy faoliyatda qo’llashni o’rgatish hamda ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.

13. Savol: Qanday o’quv adabiyoti ma’ruzalar kursi hisoblanadi?

Javob: Ma’ruzalar kursi - fanning o’quv dasturi bo’yicha ma’ruzalar kursining nomi tegishli fan nomi bilan atalgan, undagi barcha mavzularning asosiy mazmuni qisqa yoritilgan, birlamchi yangi bilimlarni olishga qaratilgan, foydalaniladigan asosiy va qo’shimcha o’quv adabiyotlar ko’rsatilgan, o’z-o’zini nazorat qilishga oid savollar turkumi, mavzuga tegishli tayanch atama va iboralar keltirilgan ta’lim muassasalarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi asosida chop etilgan nashr.

14. Savol: Ta’lim tizimida dayjest nima?

Dayjest - ilmiy, ilmiy-uslubiy, o’quv, davriy adabiyotlar, hukumat va turli tashkilotlar faoliyatiga tegishli qonunlar, qarorlar, nizomlar mazmunining qisqacha bayoni va sharhi keltirilgan, sohalarga oid ma’lumotlar to’plami sifatida foydalaniladigan doimiy nashr.

15. Savol: Talabalar respublika fan olimpiadasi nima maqsadda va qachon o’tkaziladi?

Javob:O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida”gi qonunlariga muvofiq O’zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko’rsatayotgan davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar davlat ta’lim standarlariga muvofiq o’quv rejasida nazarda tutilgan tegishli fanlar bo’yicha o’z bilimi va tabiiy qobiliyatlarini namoyon etish va rivojlantirish, o’zlarining noyob iste’dodlarini ro’yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari respublika fan olimpiadasi to’g’risidagi Nizom”ga muvofiq har yili aprel-may oylarida talabalar respublika fan olimpiadasi o’tkaziladi.

16. Savol: Xarbiy xizmatni o’taganlarga Oliy o’quv yurtlariga kirishda qanday imtiyozlar beriladi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o’tab bo’lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida» 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni o’tab bo’lgan, harbiy qismlar qo’mondonligining tavsiyanomalariga ega bo’lgan barcha fuqarolarga respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo’nalishlariga kirishda to’plash mumkin bo’lgan eng ko’p ballning 27 foizi miqdorida qo’shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

17. Savol: Men 2011 yili Toshkent davlat pedagogika universitetida Davlat attestatsiyasidan qoniqarsiz baho olganligim tufayli 4 kurs bakalavriati talabalar safidan chetlashtirilganman. Xozirgi kunda menda ushbu yakuniy davlat attestatsiyasini qayta topshirish uchun imkoniyatim va bilim etarli. Ushbu sinovni qayta topshirish mumkinmi?

Javob: Vazirlikning 2009 yil 22 maydagi 160-son buyrug’i bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to’g’risida”gi Nizomning* 23 bandiga muvofiq yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlaridan (yoki attestatsiya sinovlari turlaridan biri bo’yicha) o’ta olmagan talaba uch yil ichida yakuniy davlat attestatsiyasiga qaytadan kiritilishi, shuningdek yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlaridan (yoki attestatsiya sinovlari turlaridan biri bo’yicha) qayta o’ta olmagan talabaga akademik ma’lumotnoma berilishi va u o’rnatilgan tartibda, to’lov-kontrakt asosida tegishli kursga o’qish uchun qayta tiklanishi mumkinligi haqida belgilab quyilgan. Vazirlikka taqdim etilgan arizangizga ko’ra Siz 2010 yili Toshkent davlat pedagogika universitetida Davlat attestatsiyasidan qoniqarsiz baho olgansiz. Shunga qaramasdan Siz Nizomda belgilangan hamda Nizomda ko’rsatilgan uch yillik muddat ichida universitetga Davlat attestatsiyasini qayta topshirish uchun murojaat qilmagansiz. Muddatli harbiy xizmatda bo’lish va 3 yoshga to’lmagan bola parvarishi bo’yicha ta’til, ko’rsatilgan 3 yillik muddatga kirmaydi.

Shu sababli, Siz Davlat attestatsiyasini qayta topshirish emas, balki o’qishingizni qayta tiklash masalasida, o’qishdan chetlatilgandan keyin 5 yildan ortiq muddat o’tmaganligi bois, bevosita Toshkent davlat pedagogika universitetiga murojaat etishingizni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

18. Savol: Oliy ta’lim muassasasida bir ta’lim yo’nalishidan ikkinchi yo’nalishga ko’chirish tartibini tushuntirib bering.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to’g’risida”gi nizomga muvofiq bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo’lmagan yo’nalishlari (mutaxassisliklari)ga talabalar o’qishini ko’chirish va qayta tiklash masalasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasi” huzuridagi Talabalar o’qishini ko’chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiyasi qarori bilan (8-band) yozgi ta’til davrida, tegishli kurs (semestr)da o’quv mashg’ulotlari boshlanishiga qadar (3-band) amalga oshiriladi.

Vazirlik tomonidan har yili Oliy ta’lim muassasalari talabalari o’qishini ko’chirish va qayta tiklash haqidagi arizalarni qabul qilish va tegishli Komissiyalarga yuborilishini ta’minlash maqsadida Ishchi guruhlar tashkil etiladi.

Shu sababli, farzandingiz bir yo’nalishdan ikkinchi yo’nalishga ko’chirish masalasida Vazirlikning Ishchi guruhi orqali o’rnatilgan shaklda yozgi ta’til davrida (19 maydan 5 avgustgacha) yozma ariza va reyting daftarchasi (zachyotkasi) yoki akademik ma’lumotnomasi nusxalari bilan o’zi murojaat etishi mumkin.

19. Savol: Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim institutlarida o’qitish qanday shakllarda va muddatlarda amalga oshiriladi?

Javob: Oliy o’quv yurtidan keyingi uch yilgacha davom etadigan o’qish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti;
mustaqil izlanuvchilik.

Davlat byudjeti mablag’lari hisobiga moliyalashtiriladigan oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim institutlariga katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar lavozimiga qabul qilish oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari tashkil etadigan maxsus komissiyalar tomonidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim institutlarida o’qishga talabgorlarni tanlab olish kirish imtihonlari natijalariga ko’ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim institutlariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish qonun hujjatlariga va (yoki) O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq to’lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

20 Savol: Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim institutlariga kiruvchi talabgorlarga qanday talablar qo’yiladi?

Javob: Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim institutiga katta ilmiy xodimlar- izlanuvchilar sifatida kiruvchi shaxslar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

kamida ikki yillik ilmiy yoki ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo’lish;
oliy ta’lim muassasasi magistraturasi diplomiga yoki unga teng bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi va O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati oliy ta’lim muassasalari diplomiga yoxud fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki magistr darajasi joriy etilgungacha olingan oliy ma’lumot to’grisidagi diplomga ega bo’lish;
ilmiy izlanishlar va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish layoqatiga ega bo’lish;
xorijiy tilni magistratura bitiruvchisining tegishli darajasida bilish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Internetdan foydalana olish.

Mustaqil izlanuvchilar sifatida rasmiylashtiriladigan shaxslar quyidagi talablarga muvofiq bo’lishi kerak:

kamida besh yillik amaliy ish stajiga ega bo’lish;
bakalavr yoki magistr diplomiga yoxud O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi,Davlat bojxona qo’mitasi yoki Milliy xavfsizlik xizmati oliy harbiy ta’lim muassasalari diplomiga yoxud fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki magistr darajasi joriy etilgungacha olingan oliy ma’lumot to’g’risidagi diplomga ega bo’lish;
ilmiy izlanishlar va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish layoqatiga ega bo’lish;
muayyan ilmiy yutuqlarga, fan doktori darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil etishi mumkin bo’lgan (ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga, ilmiy, ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va davra suhbatlari to’plamlarida, tegishli ilmiy yo’nalishlar bo’yicha ilmiy ishlar to’plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo’lish, va/yoki tegishli ilmiy yo’nalishlar bo’yicha ixtiroga yoki selektsiya yutug’iga bitta yoki undan ko’p patentga muallif (hammuallif) bo’lish va/yoki tegishli ilmiy yo’nalishlar bo’yicha ilmiy- texnologik ishlanmalarda qatnashganlik;
muayyan ilmiy yutuqlarga, fan doktori darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil etishi mumkin bo’lgan (ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga, ilmiy, ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va davra suhbatlari to’plamlarida, tegishli ilmiy yo’nalishlar bo’yicha ilmiy ishlar to’plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo’lish, va/yoki tegishli ilmiy yo’nalishlar bo’yicha ixtiroga yoki selektsiya yutug’iga bitta yoki undan ko’p patentga muallif (hammuallif) bo’lish va/yoki tegishli ilmiy yo’nalishlar bo’yicha ilmiy- texnologik ishlanmalarda qatnashganlik;
xorijiy tilni magistratura bitiruvchisining tegishli darajasida bilish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Internetdan foydalana olish.

VIDEO LAVHA

RIVOJLANISH KO`RSATKICHLARI

button1

diag1

button1
button2
button3

BOG`LANISH

Toshkent Moliya Instituti

  • Manzil: 100000 Toshkent shahri, A.Temur ko`chasi 60A
  • Telefon: (8 371) 234-53-34
  • Faks: (8 371) 234-11-48
  • Email: admin@tfi.uz
  • Ishonch telefoni: (8 371) 235-77-66
  • Jamoat transporti: 10,17,19,24,38,51,60,67,72,93,115,140
  • Ish tartibi: 09:00 dan 18:00 gacha

Hozir saytda

Hisoblagich

uz certified

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…