ISLOM KARIMOV — MUSTAQILLIK ME’MORI

Dunyodagi xalqlar va millatlarning ozodlik yo‘lidagi kurashlar tarixi shundan dalolat beradiki, jamiyat hayotidagi tub burilishlar davrida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning o‘zi buyuk yo‘lboshchilarni maydonga chiqaradi. Hindiston tarixida Maxatma Gandi, Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixida Jorj Vashington, Fransiya tarixida Sharl de-Gol, Turkiya tarixida Mustafo Kamol Otaturk ana shunday tarixiy missiyani o‘z zimmasiga olib, ona xalqining milliy ozodlik kurashiga boshchilik qilganini yaxshi bilamiz.

Bizning yurtimiz tarixida ham ana shunday ulug‘ yo‘lboshchilar tarixiy vaziyat taqozosi bilan maydonga chiqib, xalqimizni yovuz bosqinchilar zulmidan ozod etgan, uning sha'ni va g‘ururi, insoniy huquqlarini qayta tiklagan. Bu haqda gapirganda, Sohibqiron Amir Temur bobomiz XIV asrda Turkiston zaminini mo‘g‘ullar zulmidan ozod etib, ana shunday buyuk missiyani ado etganini hamisha g‘urur-iftixor bilan esga olamiz. XX asrning 90-yillariga kelib esa Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ana shunday o‘ta og‘ir va mas'uliyatli vazifani o‘z zimmasiga oldi.

1989 yil 24 iyunda, respublika rahbari sifatida ish boshlaganining ikkinchi kuni O‘zbekiston Ministrlar Sovetida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona vodiysi viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengashda so‘zlagan nutqidayoq Islom Karimovdagi haqiqiy yo‘lboshchilarga xos fazilatlar yorqin namoyon bo‘ldi. Avvalo, yangi rahbar boshqalar kabi yonib turgan o‘tkir masalalarga, respublikadagi o‘ta tang ahvolga beparvo qarolmadi. Chunki uning qalbi, yuragi xalq dardi bilan, O‘zbekiston dardi bilan yondi.

Holbuki, Islom Karimovga qadar respublikamizni boshqargan rahbarlar faoliyatida o‘z xalqining emas, balki faqat mustabid Markazning irodasi, uning manfaatlari bosh mezon bo‘lib kelgan edi. Shuning uchun ham ular o‘zicha mustaqil hyech qanday ish qilolmas, boshqalardan ham ishni talab qilishga ularda qat’iyat yetishmas edi.

Islom Karimov respublika rahbari bo‘lib saylanishidan oldin - Davlat reja qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagan vaqtida ana shu murakkab masalalar ustida uzoq vaqt sistemali tarzda ishlab, bir muhim xulosani, ya'ni O‘zbekiston iqtisodiyoti shu tariqa biryoqlama rivojlanishda davom etadigan bo‘lsa, bu xatarli jarayon oxir-oqibatda halokatli natijalarga olib kelishi muqarrar, degan, chuqur ilmiy asoslangan fikrlarni respublika rahbariyatiga yozma ravishda ma'lum qildi. Davlat va xalq manfaatini o‘ylab, kelajak haqida qayg‘urib bildirilgan bunday takliflarga e'tibor qaratish o‘rniga, Markaz va uning respublikadagi gumashtalari bunday mustaqil va dadil qarashlar bilan chiqqan rahbarni poytaxtdan chetlashtirib, uni olis Qashqadaryo viloyatiga, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng og‘ir ahvolda qolgan mintaqaga rahbar qilib, aslida esa jazolash uchun yuboradi.

Takdirning ana shunday qaltis o‘yin va sinovlaridan o‘tgan, qisqa davr ichida Qashqadaryodek katta bir viloyatdagi ahvolni tubdan o‘zgartirishga erishgan Islom Karimovning O‘zbekiston rahbari bo‘lib saylanganining ertasiga, ya’ni 1989 yilning 24 iyun kuni respublika hukumatining majlisida “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi” deb, qat’iy bayonot berishi uning qanday katta azmu shijoat bilan yangi vazifaga kirishganidan dalolat beradi.

Respublika rahbari sifatida ishtirok etgan birinchi majlisdayoq Islom Karimov o‘n yillar davomida hal qilib kelinmasdan kelayotgan va ko‘pchilik bundan buyon ham shunday davom etaveradi, degan kayfiyat bilan umumiy bir beparvolik bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan masalalarga oydinlik kiritdi. Boshqacha aytganda, o‘zining rahbarlik pozitsiyasini ochiq bayon etdi.

Islom Karimov respublikamiz rahbari sifatida ish boshlagan paytda O‘zbekistondagi vaziyat o‘ta keskin tus olgan edi. Avvalo, Farg‘ona vodiysidagi janjal-to‘polonlar olovi hali so‘nib ulgurmagan, qishloqlar, shaharlar o‘t ichida qolgan, qashshoqlik, quruq va'dalar joniga tekkan odamlar mahalliy hokimiyatga ham, markaziy hokimiyat idoralariga ham ishonmay qo‘ygan edi.

Paxta yakkahokimligi misli ko‘rilmagan darajaga yetgani bois odamlarga tomorqa yerlari berilmas, ularning qo‘shimcha daromad manbai deyarli yo‘q edi. Buning ustiga, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan soxta kampaniyalar tufayli Markazdan Gdlyan va Ivanov boshliq tergovchilar guruhi kelib, qishloq xo‘jaligiga ozgina aloqasi bo‘lgan barcha insonlar boshiga nohaq tergov va ta'qib azoblarini solar edi. Buning oqibatida qanchadan-qancha begunoh odamlar qamaldi, tergov jarayonlarida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan kulfatlarga duchor qilindi.

“Paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan siyosiy kampaniyalar paytida qizil imperiyaning markaziy matbuoti el-yurtimiz sha'nini tahqirlab, uning boshiga “qo‘shib yozish”, “yulg‘ichlik”, “ko‘zbo‘yamachilik”, “boqimandalik” kabi tuhmat va malomatlar bo‘ronini yog‘dirgan shunday tahlikali paytlarda xalq dardiga darmon bo‘lish o‘rniga sobiq Markazning nog‘orasiga o‘ynagan, mustaqillik g‘oyasini niqob qilib, aslida ana shu muqaddas intilishga qarshi chiqqan kimsalar, dunyoviy va diniy ko‘rinishdagi radikal siyosiy guruh va oqimlarga qarshi Islom Karimovning qanday katta jasorat, siyosiy vazminlik bilan kurash olib borgani, el-yurtimizga suyanib, uning qalbiga yo‘l topib, vaziyatni o‘nglash, yurtimizni halokatli inqiroz girdobidan olib chiqish, istiqlol sari boshlash bo‘yicha qat’iy chora va tadbirlar, chuqur islohotlarni amalga oshirgani va nihoyat, 1991 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligini e'lon qilgani barchani his-hayajonga soladi.

Sobiq mustabid tuzum davridagi paxta yakkahokimligi, mustamlaka tuzumiga xos, biryoqlama rivojlangan iqtisodiyotning halokatli oqibatlari avvalo odamlarning turmush tarzida, eng yomoni, ularning jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasining o‘ta pastligida, tomorqa yerlarining keskin kamayib borishida, millatning salomatligi, uning genofondiga salbiy ta’sirlarning kuchayishida, bolalar va onalar o‘limining avj olishida, o‘lkamizning ekologik nochor holatida va boshqa ko‘plab masalalarda yaqqol namoyon bo‘lgan edi.

O‘sha paytda mahalliy yoshlar va mesxeti turklari o‘rtasida sobiq Markazdagi yovuz kuchlar tomonidan qora niyatda ataylab tashkil etilgan janjal-to‘polonlar tufayli butun Farg‘ona vodiysi bamisoli o‘t-olov ichida qolib ketgan edi. Ishsizlik, qashshoqlik, uy-joy va tomorqa yerlarining yetishmasligi, buning ustiga, bunday janjallarning o‘ylab topilganidan xalqning sabr kosasi to‘lib ketgan edi. Shuning uchun ham Islom Karimov o‘z rahbarligining birinchi ish kunidayoq Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi ahvolni muhokama qilish masalasini hukumat oldiga qat’iy vazifa qilib qo‘ydi. O‘zining qanday buyuk missiya bilan respublika rahbari bo‘lib ish boshlayotganini, bu boradagi ulkan mas'uliyat va javobgarlikni yurak-yuragidan his qilgan Islom Karimov nafaqat ishga, ayni paytda ming-minglab odamlar takdiriga bunday mensimasdan munosabatda bo‘lishga mutlaqo toqat qilolmadi. Shuning uchun ham “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yul qo‘ymaydi”, deya butun majlis ishtirokchilarini ogohlantirdi.

Islom Karimov, buyuk bir missiyani - O‘zbekistonni, uning jafokash xalqini qariyb 130 yildan buyon davom etib kelayotgan mustamlakachilik zulmidan ozod etish vazifasini o‘z zimmasiga olgan edi. Ana shu ulug‘ maqsad uni doim jasoratga, har lahza, har daqiqada ona xalqining taqdiri va kelajagini o‘ylab yashashga da'vat etdi.

Haqiqatan ham, xalq dardi bilan yonib, nafas olgan, o‘zini buyuk ishlarga bag‘ishlagan mard va jasur insonlar hyech qanday xavfu xatardan qo‘rqmaydi. Bamisoli butun xalqning ezgu niyatlari ko‘rinmas qudratli kuchga aylanib, ularni qo‘llab-quvvatlab turadi.

Hayratli jihati shundaki, 70 yildan ziyod vaqt mobaynida faqat maqtalgan, ta'riflab ko‘kka ko‘tarilgan sobiq mustabid tuzumning butun kirdikorlarini Islom Karimov aniq dalil va raqamlar bilan ochib tashlaydi. Dunyoda eng adolatli, insonparvar jamiyat deb tasvirlangan mustabid sovet tuzumi aslida zulm va zo‘ravonlikka asoslangan eng g‘ayriinsoniy jamiyat ekanini ochiq bayon etadi. Islom Karimovga qadar hyech kim O‘zbekistondagi chuqur ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz haqida, uning tub ildizlari to‘g‘risida shu qadar katta jasorat bilan gapirmagan edi.

Respublikada jamiyatni demokratlashtirish, O‘zbekistonning haqiqiy suverenitetini o‘rnatish, mamlakatda yashayotgan ko‘p sonli millatlarning totuvligi va tengligini ta'minlashga erishish Islom Karimov boshliq siyosiy rahbariyatning asosiy vazifalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston xalqi respublika rahbariyatining yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirish, iqtisodiy va siyosiy mustaqillikni ta'minlash yo‘lidagi sa'y-harakatini qo‘llab-quvvatladi. Chunki O‘zbekiston rahbariyati xalqning xohish-irodasini hisobga olib, uning manfaatlarini ko‘zlab ish yuritgan edi.

Mustaqillikka erishish arafasida vujudga kelgan o‘ta og‘ir sharoit, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklarga, turli to‘siqlarga qaramasdan, xalqimiz Islom Karimov boshchiligida o‘zining asriy orzusi – O‘zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari dadil va qat'iyat bilan harakat qilishda davom etdi. Nihoyat, 1991 yilning 31 avgustida, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining oltinchi sessiyasida Islom Karimov tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini e’lon qildi.

Vatanimiz tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan o‘sha unutilmas kunlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ayni o‘sha paytda yosh, mustaqil O‘zbekiston davlati rahbari tomonidan mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab o‘ta muhim hujjatlar qabul qilinganini ko‘ramiz. Misol uchun, 31 avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida”gi Qarori va “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi Bayonoti hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlari shular jumlasidandir.

1991 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi. O‘zbekistondagi prezidentlik hokimiyatini mustahkamlashda 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun va uning asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovi katta ahamiyat kasb etdi. Mustaqillik yillarida prezidentlik instituti to‘la shakllandi.

Birinchi Prezident Islom Karimov “Mustaqillikni erkinlik to‘g‘risidagi shiorlar bilan emas, balki siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy mazmun bilan to‘ldirish kerak” deb ta’kidlab, bunday qarashni o‘z faoliyatining bosh mezoni deb bildi. Shu sababli O‘zbekistonning hayotiga daxldor bo‘lgan har bir masalaga kompleks yondashib, ularning yagona to‘g‘ri va muqarrar yechimi − bu mustaqillik va faqat mustaqillik, degan mantiqiy xulosaga keldi. Bunday dadil fikrni sobiq Ittifoqning katta-katta minbarlaridan turib bayon etishdan cho‘chib ham, tortinib ham o‘tirmadi. Jumladan, biz uchun mustabid tuzumning butun davri davomida eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan paxta xomashyosi yetishtirish va xalqimiz o‘zining mashaqqatli mehnati uchun munosib haq olishi, munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishi haqidagi talab Moskvada chop etiladigan “Rabochaya tribuna” gazetasiga Islom Karimovning bergan intervyusida ochiq-ravshan bayon etildi.

O‘zbekiston mustaqilligi bo‘sh joydan o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan narsa, qandaydir taqdir ehsoni emas, balki real tarixiy zaminda, real tarixiy shart-sharoitda xalqimiz va unga yetakchi bo‘lib maydonga chiqqan jasur Islom Karimovning tinimsiz kurashlari asosida amalga oshirilgan, el-yurtimizning tub manfaatlaridan o‘sib chiqqan, ne-ne ajdodlarimizning asriy orzu-intilishlarini ifoda etadigan konkret tarixiy jarayon, amaliy voqyelik ekanini hayotiy misollar, aniq dalillar bilan ko‘rsatib berdi.

Yurtboshimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma'naviy sohalarga - O‘zbekiston hayotining deyarli barcha jabhalariga taalluqli bo‘lgan muammolarni aniq raqam va ko‘rsatkichlar asosida bilishi va ularning yechimini aniq ko‘rsatib berishi uning qalbida islohot g‘oyalari, mustaqillik g‘oyasi uzoq yillar davomida shakllanib borganini ko‘rsatadi.

Buyuk shaxslarning bir paytning o‘zida ham ulkan nazariyotchi, ham mohir tashkilotchi va amaliyotchi sifatida davrning o‘zi xalq va millat oldiga qo‘yayotgan ko‘pdan-ko‘p savollarga puxta ilmiy-nazariy asosda javob topishi va ularning eng maqbul yechimini ko‘rsatib berishi dunyo tarixida kamdan-kam uchraydigan fenomenal hodisadir. Islom Karimov timsolida “Tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi buyuk shaxslarni yaratishi”ni yanada chuqurroq anglaymiz. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida xalqimiz baxtiga shunday ulug‘ insonni rahbar qilib bergani uchun shukronalar aytamiz.

Toshkent moliya instituti

O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri

T.f.n. Sh.Sh.Shayakubov

 

 

Asrlarga tatigulik umr

Bugun jonajon O’zbekistonimiz o‘zining chorak asrlik to‘yini nishinlash arafasida turgan bir paytda qaysi bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, u eng avvalo, bundan 25 yil burun Respublikamiz va uning xalqi qanday ahvolda bo‘lganligidan so‘z boshlaydi. Bu bejiz emas. Chindan ham bugun bizning har birimiz g‘urur bilan mustaqillik va uning bizga bergan beqiyos imkoniyatlari hususida fikr yuritar ekanmiz, beihtiyor sho‘rolar davri hayoti ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

Biz 74 yil davomida zo‘ravonlik mafkurasi qobig‘ida itoatli hayot kechirib keldik. Bu yo‘lda xalqimiz juda ko‘p iztirob chekdi, jabr-u jafolarni boshidan kechirdi. Shu bois ham bugun biz Istiqlolimiz o‘z-o‘zidan kelmaganligini juda yaxshi bilgan holda har birimiz o‘zimizga “Kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik” degan savolni beramiz. Bu savolga har birimiz “Sho‘rolar davrida qaram bo‘lib yashadik. Haq-huquqlarimiz cheklangan, yer osti va yer usti boyliklarimiz markazning qo‘lida edi” deb javob beramiz.

1991 yilning 31-avgusti hech qaysi birimizning yodimizdan chiqmaydi. Xuddi mana shu kuni O’zbekiston hayotida olamshumul voqea yuz berdi. O’zbek xalqining asriy orzusi ro‘yobga chiqdi. Biz mustaqil davlat sifatida o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash yo‘liga qadam qo‘ydik.

O’tgan chorak asr mobaynida mamlakatimizda uning Yo‘lboshchisi - Birinchi Prezidenti,  mustaqillikning asoschisi Islom Karimovning tinimsiz mehnati, oqilona siyosati, amalga oshirgan izchil islohotlari natijasida ayrim davlatlar 100 yillar davomida erishishi mumkin bo‘lmagan yutuqlarni qo‘lga kiritdik.

Birgina ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, mag‘rurlanib aytish mumkunki, Islom Karimovning tashabbusi va rahnamoligi bilan yuzaga kelgan butunlay yangi ta’lim tizimi dunyoni hayratga soldi. Sobiq totalitar tuzum davridagi ta’lim tizimidan butunlay voz kechildi. Dunyoviy bilimlarga asoslangan yangi ta’lim tizimi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli tashkiliy va amaliy ishlar g‘oyat qisqa vaqt ichida o‘z mevasini berdi.

Buni birgina Toshkent moliya instituti misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Davlatimiz rahbari Islom Karimovning farmoniga asosan tashkil etilgan bu oliy o‘quv yurti faoliyat boshlaganda eski, shart-sharoitlari bo‘lmagan, buning ustiga darslar poytaxtning turli tumanlarida joylashgan xuddi shunday joylarda olib borilar edi. O’tgan yillar davomida Yurtboshimizning g‘amxo‘rligi bilan mazkur oliy o‘quv yurti eng zamonaviy shart-sharoitlar va imkoniyatlar mavjud bo‘lgan, ko‘rsa ko‘rgulik, havas qilsa arzigulik o‘quv binolariga ega bo‘ldi.

Shu vaqt davomida institutning modiy-texnik bazasi har tomonlama rivoj topib, o‘qish va o‘qitish ishlari dunyodagi man-man degan universitetlardan qolishmaydigan bo‘ldi. Endilikda besh mingga yaqin yigit-qizlar tahsil olayotgan bu institut dunyodagi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mashhur bo‘lgan mingta o‘quv yurtining bittasi sifatida e’tirof etildi. U Respublikamiz xalq xo‘jaligiga yetuk kadrlar tayyorlab berayotgan yirik o‘quv yurti hisoblanadi. Shu o‘rinda yana bir misolni faxr-u iftixor bilan aytmasdan bo‘lmaydi. Bu davlatimizning 35 milliard so‘m mablag‘i hisobiga bunyod etilgan eng ko‘rkam sport saroyidir. Bularning hammasi Islom Karimovning yoshlarimizga bo‘lgan otalarcha g‘amxo‘rligi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirgan ulug‘vor ishlarining bittasi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bunday misolni mamlakatimizning har bir universitet va  instituti, litsey va kolleji, qator-qator ilmiy markazlari misolida yorqin ko‘rish mumkin.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘z xalqining, o‘z millatining fidoyi va jasoratli farzandi sifatida bor kuch, bilim va tajribasini mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, uning dunyoviy obro‘-e’tiborini har tomonlama oshirish, O’zbekistonning jahondagi eng qudratli va eng boy davlatlar qatoridan munosib joy olishishga sarfladi va bunga erishdi.

Biz ana shunday Yurtboshimiz bilan hamisha faxrlanamiz, u kishining g‘oyalarini amalga oshirishda butun kuch va g‘ayratimizni, barcha imkoniyatlarimizni safarbar etaveramiz. Islom Karimov nomi, amalga oshirgan beqiyos ishlari qalbimizda mangu yashaydi.

14.09.2016

BOG`LANISH

Toshkent Moliya Instituti

  • Manzil: 100000 Toshkent shahri, A.Temur ko`chasi 60A
  • Telefon: (8 371) 234-53-34
  • Faks: (8 371) 234-11-48
  • Email: admin@tfi.uz
  • Ishonch telefoni: (8 371) 235-77-66
  • Jamoat transporti: 10,17,19,24,38,51,60,67,72,93,115,140
  • Ish tartibi: 09:00 dan 18:00 gacha

Hozir saytda

Hisoblagich

uz certified

Top
We use cookies to improve our website. By continuing to use this website, you are giving consent to cookies being used. More details…